#YoshlarOyligi #YouthMonth #МесяцМолодёжи

#YoshlarOyligi #YouthMonth #МесяцМолодёжи

10.06.2019 0 Автор ittifoqtvuz

“Yoshlar oyligi”ning 1-9-iyun kunlari “Yoshlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish haftaligi“ deb eʼlon qilingan edi. Ushbu haftalik doirasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Pop tuman Kengashi tashabbusi bilan, tuman Madaniyat boʻlimi bilan hamkorlikda “Biz bilan bir safda boʻl!” shiori ostida Pop tuman Margʻizor qishlogʻida joylashgan “Erkaklar muruvvat uyi”da konsert dasturi tashkil etildi. Konsertda tuman sardorlar Kengashi aʼzolari, boshlangʻich tashkilot yetakchilari, Yangiobod madaniyat markazi xodimlari, “Shumtakalar” quvnoqlar va zukkolar jamoasi ishtirok etishdi. Dastlab, imkoniyati cheklangan muruvvat uyi tarbiyalanuvchilari uchun tuman sardorlar Kengashi aʼzolari tomonidan jonli ashula aytib berildi,shundan soʻng konsert dasturini ochib berish uchun soʻz muassasa direktori M.Aʼzimovaga berildi.

— Yoshlar ittifoqi faoliyatini doim kuzatib boramiz. Har sohada tashabbuslar bilan jamoat tashkilotlari orasida oʻz oʻrniga ega. Bu yerga tashrif buyurganingizdan juda xursandmiz. Sizlarga kattakon rahmat, — deydi muassasa direktori.

Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi tomonidan muassasaga olib borilgan sovgʻalar muassasa rahbariga boshlangʻich tashkilot yetakchilar tomonidan topshirildi. Shundan soʻng, shoʻx kuy va qoʻshiqlar ijro etildi. Muassasa tarbiyalanuvchilari qoʻshiqlarga raqsga tushib, haqiqiy bayram kayfiyatiga ega boʻlishdi. Konsert davomida “Shumtakalar” jamoasi oʻzining kliplar kolleksiyasini namoyish etishdi. Ketma–ket qoʻshiqlarga navbat berildi va ommaviy raqsga navbat berildi.