Vodiyda ilk bor naslli quyonlar koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda

Vodiyda ilk bor naslli quyonlar koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda

02.04.2019 0 Автор ittifoqtvuz

Joriy yilning 2-3 aprel kunlari Namanganda vodiyda ilk bor naslli quyonlar koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda.

Oʻzbekiston naslli quyon yetishtiruvchilar assotsiatsiyasining vodiy viloyatlaridagi vakilligi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Namangan viloyat Kengashi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda fermer xoʻjaliklari aʼzolari, tadbirkorlar va ishqiboz quyon boquvchilar qatnashmoqda. Koʻrgazmaning “bosh qahramonlari” esa 6 ta zotga mansub va 15 xildan oshiq rangdagi 60 ta zotdor quyonlar boʻlib, ular koʻrgazmaga kelganlarni ranglari, oʻlchamlari, momiqligi bilan hayratda qoldirdi.

Zotdor quyon boqish amaliyoti Oʻzbekistonga endi kirib kelayotgani bois, oddiy, jaydari quyon boquvchilarining koʻrgazmada tajriba orttirib ketishiga imkoniyati tugʻildi. Assotsiatsiya faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri ham quyonchilik sohasiga malakali mutaxassislar yetishtirib berishdan iborat.

—Quyon boqish faqat bir qarashda oson, – deydi “Omadbek boʻstoni” f/x rahbari Moʻminov Temur (“Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasidan quyonchilik faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish uchun 600 million soʻm kredit olgan). –Bu sohani rivojlantirish uchun ilmiy asoslangan tajribalarga tayanishimiz, oʻzimizda quyonchilik sohasining ilmiy-amaliy bazasini tashkil etishimiz talab etiladi. Ertaga koʻrgazma doirasida professional va havaskor quyon boquvchilar uchun seminar-trening ham tashkil etamiz.

Bugungi kunda naslli quyonlar Oʻzbekistonda na goʻshtga, na teriga soʻyiladi. Koʻrgazmaga olib kelingan quyonlarning vazifasi ayni kunlarda nasl qoldirish va ularni mahalliy iqlim sharoitiga koʻnikishidir. Quyonlar bir yilda bir necha marta nasl qoldira oladi, biroq ularning Oʻzbekiston ob-havosi, ozuqasiga koʻnikishi uchun vaqt va sharoit yaratilishi lozim. Eng katta muammolardan biri esa Oʻzbekistonda aynan zotdor quyonlar bilan shugʻullanuvchi olimlar yetishmasligidir.

Ko’rgazma davom etmoqda. Bizni kuzatib borishda davom eting!!!