“Eng namunali maktab Sardorlar kengashi” tanlovining mamlakat bosqichi gʻolibi kim boʻldi?

“Eng namunali maktab Sardorlar kengashi” tanlovining mamlakat bosqichi gʻolibi kim boʻldi?

12.04.2019 0 Автор ittifoqtvuz

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va “Kamalak” bolalar tashkilotining umumiy oʻrta taʼlim maktablardagi Sardorlar kengashlari oʻrtasida tashkil etilgan tanlovda 14 jamoa “Bu bizning faoliyatimiz…”, “Bizning imkoniyatlarimiz”, “Intellektual ring” shartlari boʻyicha gʻoliblik uchun bahslashdi.

Mamlakatimizdagi barcha umumiy oʻrta taʼlim muassasalaridagi Sardorlar kengashi oʻz atrofiga 3,5 milliondan ziyod oʻquvchini birlashtirgan. Bu jamoatchilik tuzilmalarining asosiy faoliyati oʻquvchilar manfaatini himoya qilish, ularni milliy gʻoya, umuminsoniy va milliy qadriyatlar asosida tarbiyalash, yoshlarda vatanparvarlik tuygʻusini kuchaytirish, ijtimoiy daxldorlik, ekologik madaniyat, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishdan iborat. Yoshlar ittifoqi, “Kamalak” bolalar tashkilotining quyi boʻgʻinlari va Sardorlar kengashlari aʼzolarining faoliyat samaradorligini oshirish, ularda yoshlar bilan ishlash koʻnikmalari, ijodiy, intellektual va tashabbuskorlik qobiliyatini rivojlantirish dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Tanlov ayni shu masalalar yechimiga qaratilgani bilan ham muhim ahamiyatga ega.

Ishtirokchilar Sardorlar kengashi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni badiiy chiqishlar orqali tanishtirdi. Shuningdek, jamoalar keyingi oʻquv yilida Sardorlar kengashi yoʻnalishlaridan kelib chiqib, bugungi kunda bolalar oʻrtasida dolzarb boʻlgan muammolar yechimi boʻyicha yangi loyihalarini tayyor jamlanma shaklida taqdim etgan holda sahnada koʻrgazmali vositalar orqali himoya qildi. Ayni paytda tanlovda jamoa aʼzolarining ijtimoiy, siyosiy, huquqiy, maʼnaviy-maʼrifiy, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va “Kamalak” bolalar tashkiloti hamda Sardorlar kengashi faoliyati yuzasidan bilimlari ham sinovdan oʻtkazildi.

Qizgʻin bahs-munozaralarga boy uchrashuvida Namangan viloyati va Toshkent shahri jamoalari birinchilikni qoʻlga kiritdi va gʻolib boʻldi. Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani “Oʻzbekiston yoshlari” jamoasi ikkinchi, Xorazm viloyatining Xiva shahrining “Dunyo” jamoasi uchinchi oʻrinni egalladi.

– Tumanimizda 71 ta umumtaʼlim maktablari boʻlib, ularda Yoshlar ittifoqi va “Kamalak” bolalar tashkilotining Sardorlar kengashi faoliyat koʻrsatmoqda, – deydi Ittifoqning Pop tuman Kengashi “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi U.Haydarov . – Biz ularga oʻzlari boshqarayotgan “Yoshlar ittifoqi sardori”, “Kamalak” sardori”, “Ijtimoiy himoya”, “Oʻquv” kabi boʻlimlar, “Isteʼdodli yoshlar”, “Yetakchi”, “Mehr-shafqat”, “Ekosan” klublariga uslubiy yordam koʻrsatib, maqsadli dastur va loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashmoqdamiz. Ilgʻor ish tajriba va yutuqlarini ommalashtirish doimiy eʼtiborimizda. Bular yoshlar faolligini oshirish, ularda ishchanlik va tashabbuskorlik qobiliyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Gʻolib va faol ishtirokchilarga diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.